Yaponiyada Ta'lim va tarbiya

Yaponiyada Ta'lim va tarbiya

Yaponiyaning dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylanishiga zamin yaratgan noyob kashfiyotchilar va yetuk mutaxassislarning nihoyatda ko‘pligi o‘z navbatida mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim tizimidan ildizlanadi. Shu munosabat bilan AdMe uning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tishga qaror qildi.

Avval xulq-atvor, so‘ng bilim

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Yaponiyada maktab o‘quvchilari 10 yoshgacha — 4-sinfga qadar imtihon topshirmaydi, faqat kichik mustaqil ishlar bilan cheklaniladi, xolos. Mamlakatda ta’limning dastlabki uch yilida akademik bilimlar olish u qadar muhim hisoblanmaydi. Asosiy urg‘u tarbiyaga qaratiladi — bolalar odamlarni va jonivorlarni hurmat qilishga, bag‘rikenglikka, rahmdillikka, haqiqatparvarlikka, o‘zini nazorat qila olishga va tabiatni asrashga o‘rgatiladi.

O‘quv yilining boshlanishi 1-aprelga to‘g‘ri keladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Yaponiyada yil boshi eng go‘zal tabiat hodisalaridan biri — sakuraning gullashiga to‘g‘ri keladi. Akademik yil uch trimestrga bo‘linadi: 1-apreldan 20-iyulgacha, 1-sentabrdan 26-dekabrgacha, 7-yanvardan 25-martgacha. Shu tariqa, yapon o‘quvchilari yozgi ta’tilda olti hafta, qishda va yozda ikki haftadan dam oladi.

Yaponiya maktablarida farroshlar yo‘q, ularning ishini o‘quvchilar bajaradi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Har bir sinf kabinetlar, koridorlar va hatto hojatxonalarni navbatma-navbat yig‘ishtiradi. Bu bilan bolalarga erta yoshdan jamoa bo‘lib ishlash va bir-biriga yordam ko‘rsatish o‘rgatiladi. Bundan tashqari, yig‘ishtirishga ko‘p vaqt va kuch sarflagan o‘quvchilar bundan keyin binoning ifloslanishiga imkon qadar yo‘l qo‘ymaslikka urinadi.

Maktablarda standartlashtirilgan nonushtalar tayyorlanadi va bolalar birgalikda tanovul qiladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Boshlang‘ich va o‘rta maktabda bolalar uchun maxsus nonushta tayyorlanadi, ularning menyusi ustida nafaqat maktab oshpazlari, balki tibbiyot xodimlari ham ishlaydi. Ovqat maksimal darajada foydali va sog‘lom bo‘lishiga e’tibor qaratiladi. Sinfdoshlar o‘qituvchi bilan birgalikda sinfxonada nonushta qiladi.

Qo‘shimcha ta’limga bo‘lgan talab yuqori

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Boshlang‘ich sinflardayoq bolalar xususiy va tayyorgarlik maktablariga bora boshlaydi, bu ularning yaxshi boshlang‘ich va o‘rta maktabga kirishini kafolatlaydi. Bunday maktablarda mashg‘ulotlar kechki soatlarda o‘tkaziladi, shu bois Yaponiyada soat 21:00 da jamoat transporti qo‘shimcha darslardan so‘ng uyga qaytayotgan yosh bolalarga to‘la bo‘lishi odatiy holdir. Darslar kuniga 6–8 soat davom etib, ular ta’til va hatto shanba-yakshanba kunlari ham to‘xtamaydi.

Maktab o‘quvchilariga xattotlik va she’riyat san’atlari o‘rgatiladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Yapon xattotlik san’ati — shodoning prinsipi juda oddiy: bambukli mo‘yqalam siyohga botirilib, guruchli qog‘ozda iyerogliflar chiziladi. Yaponiyada shodo rassomchilikdan kam ardoqlanmaydi. Milliy she’riyat janri — xayku esa tabiat va inson birligini qisqa shaklda ifodalaydi. Bu darslar maktab o‘quvchilarini o‘z madaniyati va an’analarini hurmat qilishga o‘rgatadi.

Barcha maktab o‘quvchilari formada bo‘lishi shart

Foto: AdMe

Foto: AdMe

O‘rta maktabdan boshlab barcha o‘quvchilar formada yurishi shart. Ko‘p maktablar o‘z formasiga ega, ammo odatda bolalar harbiy uslubda kiyinadi, qizlar esa matroskada yuradi. Bu qoida xulq-atvor tarbiyasining bir qismi hisoblanadi, tanlangan liboslar ham ishchi kayfiyatni hosil qiladi.

Maktablarda davomat 99,99 foizni tashkil etadi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Biror marta maktabdagi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubormagan odamni eslashimiz qiyin kechadi, lekin Yaponiya uchun bu me’yorga aylangan holat. Bundan tashqari, yapon o‘quvchilari mashg‘ulotlarga deyarli hech qachon kech qolmaydi. Maktab o‘quvchilarining 91 foizi har doim o‘qituvchiga quloq soladi.

Bitta bitiruv imtihonining natijalari hammasini hal qiladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Yuqori sinflar yakunlanganidan so‘ng o‘quvchilar bitta test topshiradi, uning natijalari kim oliygohga kira olishini hal qiladi. Bitiruvchi faqat bitta oliygohni tanlash huquqiga ega, uning tanlovi kelajakdagi maoshini va hayot darajasini belgilab beradi. Raqobat ancha kuchli — bitiruvchilarning 76 foizi maktabdan so‘ng ta’limni davom ettiradi.

Universitet yillari hayotdagi eng yaxshi ta’til sifatida esda qoladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Uzoq yillar to‘xtovsiz mashg‘ulot va tayyorgarlikdan so‘ng muayyan natijaga erishgan yoshlar ta’til qilishni istashi tabiiy. Yaponiya ta’lim tizimining yuqoridagi o‘ziga xosliklari tufayli bu palla universitet yillariga to‘g‘ri keladi. Shu bois universitet tahsili har bir yaponning hayotidagi eng yengil va betashvish davr hisoblanadi. Ishga kirishdan oldin olingan ta’til misoli, axir yaponlar bolalikdan ishga ulkan mas’uliyat va muhabbat bilan yondashishga o‘rgatiladi.

Manba: daryo.uz